Chet ellik investorlar huquqlari

Chet ellik investorlar huquqlari

Chet ellik investor quyidagi huquqlarga ega:

investitsiyalashni amalga oshirishning hajmlari, turlari va yoʼnalishlarini mustaqil belgilash;

investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish;

oʼzining investitsiyalariga va investitsiya faoliyatining natijalariga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish. Chet ellik investorning qaroriga binoan investitsiyalarga, ularning natijalariga egalik qilish, ulardan foydalanish, ularni tasarruf etish huquqlari Oʼzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga berilishi mumkin. Huquqlar boshqa shaxsga berilganda taraflarning oʼzaro munosabatlari shartnomalar asosida tartibga solinadi;

Oʼzbekiston Respublikasidagi investitsiya faoliyati natijasida olingan oʼziga qarashli ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalarini chet ellarda va Oʼzbekiston Respublikasida patentlashtirish toʼgʼrisida mustaqil ravishda qaror qabul qilish;

investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadni soliqlar va boshqa majburiy toʼlovlar toʼlanganidan keyin mustaqil va erkin tasarruf etish (shu jumladan uni moneliksiz repatriatsiya qilish);

Oʼzbekiston Respublikasiga kreditlar va qarzlar tariqasida pul mablagʼlari jalb etish;

oʼz hisobvaragʼidagi milliy valyuta mablagʼlaridan ichki valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish uchun foydalanish;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va shartlarda yer uchastkalariga doir huquqlarni sotib olish;

Oʼzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq, oʼziga mulk huquqi asosida qarashli boʼlgan mol-mulk va har qanday mulkiy huquqlardan zimmaga olgan majburiyatlarning, shu jumladan qarz mablagʼlarini jalb etishga qaratilgan majburiyatlarning barcha turlari boʼyicha taʼmin sifatida foydalanish;

oʼz investitsiyalari va boshqa aktivlari rekvizitsiya qilingan taqdirda mutanosib ravishda tovon olish;

davlat boshqaruv organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hamda ular mansabdor shaxslarining gʼayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) hamda qarorlari natijasida yetkazilgan zararlarni undirish.

— Oʼzbekiston Respublikasida toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy investitsiyalar yoʼnaltirilayotgan iqtisodiyot tarmoqlari yoki hududlar kesimida investitsiya kiritish uchun qandaydir cheklovlar belgilanmagan.

Chet ellik investorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida tashkil etilgan huquqiy institutlar

— 2007 yil 1 yanvaridan respublikada hakamlik sudlarini tashkil qilish, ularning muntazam va vaqtincha faoliyat yurituvchi turlari faoliyatini yoʼlga qoʼyish uchun huquqiy asos boʼlib xizmat qilgan «Hakamlik sudlari toʼgʼrisida» gi Qonun kuchga kirdi. Shu tariqa, hozirgi vaqtda xorijiy sarmoyadorlarning huquqlari va faoliyati kafolatlarini himoya qilishning mavjud vositalari bilan bir qatorda tomonlar kelishuvi bilan respublika hududida ikki tomon manfaatini koʼzlaydigan mustaqil ekspertlarni jalb qilgan holda hakamlik sudlari tashkil etilishi mumkin.

Shu bilan birga, Аdliya vazirligiga xorijiy sarmoyadorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi krxonalar huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash boʼyicha vazifalar yuklatilgan. Shu maqsadda Аdliya vazirligi tuzilmasida Xorijiy sarmoyadorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi tashkil etildi.

Oʼzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida Xalqaro savdo arbitraji (arbitraj) sudi Oʼzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Ijroiya qoʼmitasining 2011 yil 1 fevraldagi qaroriga muvofiq taʼsis yetilgan va roʼyxatga olingan. Adliya idorasi tomonidan 2011 yil 15 fevralda roʼyxatdan oʼtkazildi.Oʼzbekiston Respublikasining “Oʼzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʼgʼrisida”, “Hakamlik sudlari toʼgʼrisida” gi qonunlariga, nizom va qoidalarga muvofiq faoliyat yuritadi.

Quyidagi link sizni Oʼzbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlarining rus va oʼzbek tillaridagi roʼyxati bilan tanishtiradi:

Quyidagi linkda Oʼzbekiston Respublikasining Xoʼjalik protsessual kodeksi bilan tanishishingiz mumkin:

O’zbekiston – katta imkoniyatlar mamlakati

uz_UZUzbek

UFEZ - Buyuk kelajak uchun bizga qo'shiling!

Biz bilan bog'lanish

Maxfiylik siyosati / Ufez - O'zbekiston erkin iqtisodiy zonasi © 2017 - 2023 / Barcha huquqlar himoyalangan.